Qoraqalpog‘istonda adliya organlari tomonidan sayyor qabullar tashkil etildi
2025-01-23 11:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Shu kunlarda Qoraqalpog‘istonning bir qator tumanlarida Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri hamda boshqa vazirlik va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazildi. Asosiy maqsad — joylarda aholini qiynab kelayotgan huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganish va ularga qonuniy yechim topishdan iborat.
Xususan, bunday sayyor qabullar Beruniy va Qonliko‘l tumanlarida bo‘lib o‘tdi, ularda yaqin atrofdagi qo‘shni tumanlar aholisi ham ishtirok etdi.
Alohida e’tibor uy-joy va yer masalalari, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, meros olish, aliment undirish bilan bog‘liq murojaatlarga, shuningdek, mehnat va ijtimoiy huquqlar sohasidagi nizolarga qaratildi. 50 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi, ularning ayrimlariga huquqiy tushuntirishlar berildi, bir qismi joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar esa adliya organlari va boshqa davlat tuzilmalariga ish yuritishga qabul qilindi. Fuqarolar sayyor davlat xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Sayyor qabullarda turli vazirlik va idoralar vakillarining ishtiroki murakkab va idoralararo masalalarni hal etishda tezkorlikni ta’minladi. Har bir holat alohida ko‘rib chiqildi, bu esa amaldagi qonunchilik doirasida samarali yechimlar topishga yordam berdi. Bundan tashqari, fuqarolarga ularning huquqlari, ariza berish va davlat xizmatlaridan foydalanish, ijtimoiy yordam olish tartiblari tushuntirib berildi.
Qabullar davomida to‘plangan ma’lumotlardan mintaqadagi davlat organlari faoliyatini takomillashtirish uchun foydalaniladi.