Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldi
2025-01-16 12:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 16-yanvar kuni “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev ham ishtirok etib, tanlovda gʻolib boʻlgan NNTlarni taqdirladi.
Ushbu tanlov Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha Respublika komissiyasi tashabbusi bilan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi.
Uning asosiy maqsadi har bir tashkilotda gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, sohada amalga oshirilayotgan ilgʻor tajribalarni aniqlash va ommalashtirish hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovida ishtirok etish uchun 934 ta tashkilot va muassasalar tomonidan hujjatlar taqdim etildi. Tanlov komissiyasi 10 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblarni aniqladi.
“Gender tenglikni targʻib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV-dastur” nominatsiyasida “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi multimedia boʻlimi tomonidan tayyorlangan bir qator koʻrsatuv va podkastlar gʻolib deb topildi. Xususan, markazning “Ayollar koʻrsin” loyihasi xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikni taʼminlash va ular duch kelayotgan huquqiy muammolarga ishonchli, aniq hamda amaliy yechimlar taklif etishni maqsad qilgan.
Jamoatchilikka podkastning “Ayollar tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va mavjud muammolarning huquqiy yechimlari”, “Ayollar va taʼlim”, “Yangi saylov tizimida ayollar ishtiroki boʻyicha qanday yangiliklar bor, bugungi kunda xotin-qizlar saylash va saylanish huquqlaridan foydalana olyaptimi?”, “Uy-joyga muhtoj ayollar uchun imtiyozlar”, “Ayollarning mehnat huquqlari”, “Ayollar salomatligi: qonunchilikdagi yechimlar”, “Zoʻravonlik: faqat gapiryapmiz. Natijachi?” kabi dolzarb mavzulardagi sonlari taqdim etilgan.
Bundan tashqari, “Yuridik klinika”, “Alohida nazorat”, “Mening huquqim” hamda “Obyektiv” singari koʻrsatuv va podkastlarda ham ayollar va gender tenglik masalalari koʻtarilgan.