“E-qaror” elektron tizimi orqali monitoring jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan seminar tashkil etildi
2025-01-07 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari
“E-qaror” elektron tizimi orqali monitoring jarayonlarini takomillashtirish, amalga oshirilgan ishlar hamda amaliyotdagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish yuzasidan hududiy adliya organlari ishtirokida seminar oʻtkazildi.
Ta'kidlangandek, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga “E-qaror” elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 390-son qaroriga muvofiq “E-qaror” elektron tizimi respublikaning barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilib, qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlarning monitoringini yuritish adliya organlari zimmasiga yuklatilgan.
Vazirlik tomonidan asossiz yashirilgan hamda noqonuniy ravishda eʼlon qilingan mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari hududiy adliya boshqarmalariga taʼsir choralarini qoʻllash va qarorlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish uchun yuborilib kelinmoqda hamda doimiy ravishda monitoring ishlari amalga oshirilmoqda.
Seminarda hududiy adliya boshqarmalari masʼul xodimlari tomonidan tizimni takomillashtirish, shuningdek monitoring jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan bir qancha takliflari kelib tushdi.
Jumladan, tizimga bir qancha platformalarni integratsiya qilish hamda tizim orqali qarorlarni qabul qilish, huquqiy ekspertiza hamda monitoring (tahlil) qilish jarayonlariga sunʼiy intellektni joriy etish masalalari muhokama qilindi.