Adliya vaziri oʻrinbosari Guliston shahar adliya boʻlimi binosining qurilish jarayonlari bilan tanishdi
2024-12-26 16:30:00 / Vazirlik yangiliklari
Guliston shahri aholi soni va hududi jihatdan viloyatdagi katta hududlardan biri hisoblanadi. Shaharda bugungi kunda 98 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev Sirdaryo viloyatida xizmat safarini yangi qurilayotgan Guliston shahar adliya boʻlimi binosining qurilish-pardozlash jarayonlari bilan tanishishdan boshladi.
Shahar markazida qad rostlayotgan ushbu bino Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga barpo etilmoqda.
Ayni kunda binoda qurilish jarayonlari yakunlanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Vazir oʻrinbosari pardozlash jarayonlari bilan tanishar ekan, adliya boʻlimi, davlat xizmatlari markazi, yuridik xizmat koʻrsatish markazi, FHDY, notarial va FHDY arxivi, notarius va “Madad” NNTning binoda joylashuvini toʻgʻri tashkil qilish, zamonaviy binoda xalqimizga sifatli va har tomonlama qulay boʻlgan sharoitlarni yaratish, foye va xonalarning yorugʻligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Uchrashuvda qurilish va pardozlash ishlarini sifatli amalga oshirish yuzasidan maslahat va koʻrsatmalar berildi.