Maktablarda huquqiy fanlarni oʻqitilishini yanada takomillashtirish yuzasidan davra suhbati oʻtkazildi
2024-12-24 16:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Huquqiy taʼlimning holatini tahlil qilish, uni yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqish, huquq sohasidagi taʼlim ishlarining uslubiy jihatdan taʼminlanishini tashkil etish Adliya vazirligining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida bugun, 24-dekabr kuni Adliya vazirligida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi, Kriminologiya tadqiqot instituti, Respublika taʼlim markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti masʼul xodimlari, huquq fani oʻqituvchilari hamda darsliklar mualliflari ishtirok etdi.
Soha mutaxassislari umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan huquqiy fanlarni tahlil qilish va ularni yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilib, taklif va tavsiyalar asosida kelgusidagi vazifalarni aniq belgilab oldi.
Shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitilayotgan huquqiy fanlar va kurslarni oʻquvchilarning yoshi, psixofiziologik xususiyatini eʼtiborga olib, kundalik hayotda toʻqnash keladigan huquqiy vaziyat va muammolarni oddiy, sodda tilda, turli illyustratsiyalar koʻrinishida huquqiy fanlardan innovatsion yangi avlod darsliklarini tayyorlash taʼkidlab oʻtildi.
Tadbirda bildirilgan taklif va tavsiyalar huquqiy darslik va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda ularning yangi avlodini yaratish, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.