Adliya vazirligida zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi
2024-12-23 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
2024-yil 20-dekabr kuni Adliya vazirligi rahbar va xodimlari uchun zamonaviy texnologiyalar sohasida amaliy bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Adliya vazirligi xodimlarining kasbiy malakalarini oshirish va ularni zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan sun‘iy intellekt sohasidagi bilimlar bilan ta‘minlash maqsadida tashkil etildi.
Seminarda “Mohirdev” MChJ rahbari Anvar Narzullaev ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. U sun‘iy intellekt texnologiyalari tarixi, bu texnologiyalar yordamida ma‘lumotlarni to‘plash va tahlil qilish usullari hamda sun‘iy intellektning istiqbollari haqida batafsil ma‘lumot berdi.
Tadbir davomida Anvar Narzullaev tomonidan quyidagi mavzular yoritildi:
Sun‘iy intellekt texnologiyalarining rivojlanish bosqichlari va ularning bugungi kundagi o‘rni;
Ma‘lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda yig‘ish va tahlil qilish imkoniyatlari;
Sun‘iy intellektning davlat boshqaruvi va huquqiy sohalardagi qo‘llanilishi;
Kelajakda sun‘iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishning istiqbollari.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil va amaliy javoblar taqdim etildi, bu esa ishtirokchilarga olingan bilimlarni yanada chuqurlashtirishga yordam berdi.
Adliya vazirligi rahbarlari bu kabi seminarlarni muntazam tashkil etish zarurligini ta‘kidlab, bunday tadbirlar xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ijobiy ta‘sir ko‘rsatishini qayd etdilar. Ushbu seminar xodimlarning ish samaradorligini oshirishga va ularni zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda innovatsion yechimlar yaratishga undashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
Adliya vazirligi kelgusida ham zamonaviy texnologiyalarni faol joriy etish va ulardan samarali foydalanish orqali huquqiy sohadagi xizmat sifatini oshirishni davom ettirishni maqsad qilgan.