Adliya vaziri oʻrinbosari Namangan viloyatida “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida amalga oshirgan ishlar bilan tanishmoqda
2024-12-20 15:40:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev dastlab “Huquqiy mahalla” loyihasi konsepsiyasi doirasida Toʻraqoʻrgʻon tumani “Zarbdor” mahallasida amalga oshirilgan ishlarning taqdimoti bilan tanishdi.
Toʻraqoʻrgʻon tumani “Zarbdor” mahallasidagi mavjud 1033 ta xonadon xatlovdan oʻtkazilib, 2529 ta huquqiy muammolar mavjudligi aniqlandi. Ulardan 2043 tasi hal etildi, qonun buzilish holatlari boʻyicha 7 ta korxona, tashkilotlarga taʼsir chorasi kiritildi, 3 marotaba “Adliya kuni” tadbirlari oʻtkazildi, aholi vakillariga 311 ta sayyor xizmatlar koʻrsatildi.
Shuningdek, “Huquqiy mahalla” konsepsiyasi doirasida aholining kundalik turmush tarzi bilan bogʻliq boʻlgan qonunchilik normalari (imtiyozlar, huquqlar va boshqa) roʻyxati shakllantirilib, ularning amalda ishlash holati tahlil qilindi. Xususan, mahalla hududidagi asosiy yoʻl boʻlgan Doʻstlik koʻchasiga piyodalar yoʻlagi chiziqlari chizildi, 44-sonli umumtaʼlim maktabi atrofiga koʻchma svetofor oʻrnatildi, 1033 dan ortiq xonadonni ichimlik suv bilan taʼminlovchi suvnasosi yangilanib, aholiga suvni yetkazib berish bosimi kuchaytirildi.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi” faoliyatini metodik taʼminlash maqsadida xodimlarga nizomlar, namunaviy hujjatlar, uslubiy qoʻllanmalar taqdim qilindi. 67 nafar shaxs mediatorlikka oʻqitilib, ularga sertifikatlar topshirildi. Vazir oʻrinbosari uyma-uy oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda aholini muammolarini qonuniy hal etish choralarini koʻrish kerakligini taʼkidladi.
Shuningdek, Davlatobod tumani “Orzu” mahallasida “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham yaqindan tanishilib, “mahalla yettiligi” bilan muloqot oʻtkazildi.