Advokaturada kasbiy standartlarni taʼminlash boʻyicha seminar oʻtkazildi
2024-11-26 11:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 26-noyabr kuni Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida Toshkentda advokaturada kasbiy standartlarni taʼminlash boʻyicha seminar oʻtkazildi.
Seminarda asosiy e'tibor advokatlik faoliyatini amalga oshirishda kasbiy standartlarni taʼminlash, Advokatlar palatasi Boshqaruvi tomonidan tasdiqlangan “Jinoyat ishlarida advokatlarning himoyachi sifatida ishtirok etish standarti”ning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratildi. Shuningdek, bu borada xorijiy davlatlar tajribasi asosida kasbiy standartlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.
Tadbirda Adliya vazirligi, Advokatlar palatasi va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro NNT vakillari, xalqaro ekspertlar, shuningdek, 30 nafardan ortiq advokatlar ishtirok etdilar.
Seminarni Notariat, advokatura va mediatsiya boshqarmasi boshlig‘i M. Hatamov, Advokatlar palatasi raisi Sh. Sadikov, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro NNT rahbari Petra Goryup kirish so‘zlari bilan ochib berib, advokatlik faoliyatida kasbiy standartlarni belgilashning jismoniy va yuridik shaxslarga sifatli va malakali yuridik yordam ko‘rsatishdagi ahamiyati haqida gapirdi.
Germaniya Federal advokatlar assotsiatsiyasining xalqaro departamenti direktori Veronika Denninger va AQShning Massachusets shtati Davlat advokatlik xizmatlari qo‘mitasi davlat advokati Stiven Van Dayk advokaturaning kasbiy standartlari borasida xalqaro va xorijiy davlatlar tajribasini bo‘lishdilar.
Seminar qizg‘in muhokama va savol-javoblar bilan yakunlandi.