Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taminotini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
2024-11-21 11:50:00 / Vazirlik yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taminotini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3579, 2024 yil 21-noyabr) davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Ushbu Nizomda bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taminotini qoʻllash tartibi belgilandi.
Bojxona toʻlovlarini toʻlashning bosh taminoti ayni bir shaxs tomonidan muayyan vaqt ichida bir nechta bojxona operatsiyalarini bajarish chogʻida yuzaga keladigan bojxona toʻlovlarining toʻlanishini bank kafolatini taqdim etish, sugʻurtalash yoki tovarlarni garovga qoʻyish orqali taʼminlash hisoblanadi.
Toʻlovchi bosh taʼminotni Bojxona kodeksining 336, 337 va 338-moddalarida belgilangan hollarda yuzaga keladigan bir yoki bir nechta majburiyat boʻyicha istalgan vaqtda taqdim etishi mumkin.
Bosh taʼminot:
➖taʼminlov hujjatlarining (bank kafolati, sugʻurta polisi yoxud garov shartnomasi) amal qilish muddatlari toʻlovchining bojxona toʻlovlarini toʻlash muddatlaridan koʻp boʻlganda;
➖bojxona toʻlovlari bosh taʼminot hisobidan undirilishi mumkin boʻlganda qabul qilinadi.
Bosh taʼminotni qabul qilish uchun ariza Bojxona qoʻmitasiga yozma yoki uning rasmiy veb-sayti orqali elektron tarzda berilishi mumkin.
Bojxona qoʻmitasi tomonidan ariza 10 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi hamda bosh taʼminotni qabul qilish yoki uni qabul qilishni rad etish haqida qaror chiqariladi.
Bosh taʼminotni qabul qilish haqidagi arizani koʻrib chiqish hamda bosh taʼminotni qabul qilish haqida qaror chiqarish uchun yigʻim undirilmaydi.