Jamg'arib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va to'lash tartibi to'g'risidagi nizom davlat ro'yxatidan o'tkazildi
2024-11-21 11:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3577, 20.11.2024-y.) davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.
Ushbu Nizomda ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallarini hisoblash va toʻlash tartibi belgilangan.
Xususan ish beruvchilar fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga pensiya badallarini byudjetga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash bilan birgalikda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash uchun belgilangan muddatlarda ajratadi.
Bunda, ish beruvchi har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 15-kuniga qadar jamgʻarib boriladigan pensiya badallari oʻtkazilgan har bir toʻlov hujjati summasiga alohida, shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraq raqamlari, har bir xodimning familiyasi, hisoblangan ish haqi va jamgʻarib boriladigan pensiya badallari summasi koʻrsatilgan holda xodimlar reyestrlarini elektron hujjat sifatida shakllantirib, tegishli Xalq banki filialiga taqdim etishi yoki uni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron bazasiga yuborishi shart.
Maʼlumot uchun: “Fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasida, jismoniy shaxslarning qonunchilikka muvofiq hisoblab chiqarilgan daromad soligʻining tegishlicha kamaytirilgan summasi hisobiga jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallarini ish beruvchi har oyda toʻlab borishi nazarda tutilgan.