Adliya vaziri Andijon viloyatida maktablarda tashkil etilgan “Huquq sinfi”lari faoliyati bilan tanishdi
2024-11-14 17:20:00 / Vazirlik yangiliklari
Adliya vaziri Akbar Toshqulov Andijon viloyatiga xizmat safari davomida dastlab Xoʻjaobod tumanidagi Ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tashkil etilgan “Huquq sinfi”da yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, oʻquvchilar bilan muloqot oʻtkazdi.
Yoshlarda ilm olishga intilish, mamlakatdagi islohotlarga daxldorlik hissini shakllantirish hamda huquqshunoslik kasbining jozibadorligi xususida soʻz yuritildi. Shuningdek, oʻquvchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga bevosita vazirdan javob olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Navbatdagi manzil Xoʻjaobod tumanidagi “Mustahkam” mahallasida boʻldi. “Mahalla yettiligi” bilan uchrashuv davomida adliya boʻlimlari tomonidan MFY xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan, huquqiy muammolarini aniqlash va bartaraf etish masalalari muhokama qilinib, ijobiy amaliyot taqdimoti oʻtkazildi.
Bunda “online mahalla” platformasi orqali adliya organlariga yuborilayotgan murojaatlarni oʻrganish va hal etish, mavjud tizimli huquqiy muammolarni bartaraf etish, aholiga sayyor tartibda sifatli huquqiy va davlat xizmatlari koʻrsatish, manzilli targʻibot tadbirlarini tashkil etish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.
Bu kabi uchrashuvlar Andijon viloyatining bir qator boshqa mahallalarida ham oʻtkazildi.