Fargʻonadagi seminar: sud ekspertiza sohasidagi innovatsiyalar va imkoniyatlar
2024-11-06 09:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Fargʻonada Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan seminar tashkil etildi. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, sudyalar, advokatlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Adliya vaziri oʻrinbosari Sh.Rabiyev hamda markaz direktori A.Xalilov tomonidan sud ekspertizasi sohasidagi zamonaviy tendensiyalar va islohotlar, «E-ekspertiza» yagona elektron axborot tizimining afzalliklari va imkoniyatlari hamda sud ekspertizasi sohasidagi xalqaro tajriba va ilgʻor amaliyotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbir davomida sud ekspertizasi faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, jarayonlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish kabi masalalar muhokama qilindi. Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda sud xodimlari uchun sud ekspertizalarini oʻtkazishga zarur boʻlgan tadqiqot obyektlarini yigʻish, saqlash va taqdim etish usullari tushuntirildi.
Seminarning amaliy qismida «E-ekspertiza» tizimidan foydalanish boʻyicha koʻrgazmali namoyish oʻtkazilib, uning imkoniyatlari taqtimot qilindi.
Ishtirokchilar sud ekspertizasi sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, amaliy takliflarni ilgari surdi.