“Maftunkor ranglar jilosi” 6-respublika rasmlar tanlovi va shaxmat boʻyicha musobaqa oʻtkazildi
2024-10-30 17:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Bugun, 30-oktabr kuni “Biz birgamiz!” loyihasi doirasida Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati hamda Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi bilan hamkorlikda 7 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan nogironligi bor bolalar uchun rasm chizish tanlovi va shaxmat musobaqasi oʻtkazildi.
Anʼanaga aylanib ulgurgan ushbu tadbirlar yosh isteʼdodlarga sanʼat va aqliy oʻyinlarda oʻzlarini namoyon etish uchun noyob imkoniyat yaratib, inklyuzivlik va imkoniyatlar tengligini taʼkidlaydi.
“Maftunkor ranglar jilosi” deb nomlangan respublika tanlov yosh rassomlarni yorqin boʻyoqlar va qalamlar yordamida oʻz ichki olamini ijod orqali ifodalashga undadi. Bu yilgi tanlov bolalar tomonidan yaratilgan, nur, umid va uygʻunlik bilan yoʻgʻrilgan noyob rasmlar galereyasiga aylandi. Unda Oʻzbekistonning 14 hududidan 28 nafar isteʼdodli bola ishtirok etdi. Sanʼat ularga oʻz kechinmalari va orzulari haqida soʻzlashda yordam beradi, shuningdek, atrofdagilar bilan ilhom ulashishga imkon yaratadi.
Shu bilan bir vaqtda, alohida ehtiyojli bolalar oʻzlarining strategik zehnini namoyish eta oladigan shaxmat musobaqasi ham oʻtkazildi. Aqliy oʻyin sifatida shaxmat diqqatni jamlash, sabr-toqat va oʻziga ishonchni oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatishi bilan tanilgan — bular shaxsiy rivojlanish uchun gʻoyat muhim xislatlardir. Musobaqa yosh ishtirokchilar oʻz isteʼdodlarini koʻrsatadigan va muhim koʻnikmalarni rivojlantiradigan maydonga aylandi.
Loyiha doirasidagi tadbirlar nafaqat oʻsib kelayotgan avlodning ijodiy va aqliy salohiyatini rivojlantirishga, balki nogironligi bor bolalar jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanish va eʼtiborni his qilishlari uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Ushbu tanlov va musobaqalar bolalarga oʻz kuchiga ishonish va kelajakka boʻlgan ishonchni mustahkamlashga yordam beradi.
Har bir rasm va har bir shaxmat partiyasi har bir insonning oʻziga xosligini tan oladigan va hurmat qiladigan inklyuziv jamiyat rivojiga qoʻshilgan hissadir.
Tanlov doirasida nogironligi boʻlgan bolalar tomonidan yaratilgan sanʼat asarlarining koʻrgazmasi ham tashkil qilindi.
Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga qimmatbaho sovgʻalar ulashildi.
Eslatib o‘tamiz, “Biz birgamiz!” ijtimoiy loyihasi Adliya vazirligi tomonifan 2018-yildan boshlab amalga oshirib kelinmoqda.