Namangan viloyatida tadbirkorlarga intellektual mulk obyektlarini muhofaza va himoya qilish boʻyicha sayyor qabul oʻtkazildi
2024-10-28 11:15:00 / Vazirlik yangiliklari
Joriy yilning 28-oktyabr kuni Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti va “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi xodimlari tomonidan Namangan viloyatida tadbirkorlarga oʻz mahsulotlarini tovar belgisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma topshirish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatildi.
Xususan, A. Najmiddinov tomonidan topshirilgan “Akmilk” tovar belgisini ekspertiza jarayoni toʻgʻrisida maʼlumot olish, “Sadaf grand oil” MChJ rahbariga “SADAF SAROY” belgisini roʻyxatdan oʻtkazish hamda H. Odilovga “DARMON” tovar belgisining sinflarini koʻpaytirish uchun talabnoma topshirishda amaliy yordam berildi.
Shuningdek, “Namangan tola tekstil” MChJga tegishli boʻlgan “Zinnur” tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holati boʻyicha chora koʻrish yuzasidan joyida murojaat qabul qilindi.
Bundan tashqari, geografik koʻrsatkichlarni roʻyxatdan oʻtkazishning afzalliklari haqida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakuni boʻyicha ishtirokchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi, shuningdek, ularga ixtiro, foydali model va sanoat namunalari, tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilarini va geografik koʻrsatkichlarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida buklet hamda flayerlar tarqatildi.