Adliya vaziri o‘rinbosari IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumida ishtirok etdi
2024-10-18 16:00:00 / Vazirlik yangiliklari
17-oktabr kuni Toshkent shahrida IV Aksilkorrupsiya forumi boʻlib oʻtdi. Forum Yevropa Ittifoqi, BMTTD va GIZ koʻmagida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda 250 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan AQSh, Xitoy, Koreya, Gonkong, Malayziya, Litva, Ozarbayjon, Gruziya va Markaziy Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan xalqaro va milliy ekspertlar qatnashib, oʻzaro tajribalar almashdi.
Forumda adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etib, Oʻzbekistonda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilganligi hamda institutsional asoslar shakllantirilib, mazkur yoʻnalishda tizimli oʻzgarishlar amalga oshirilganligi yuzasidan maʼlumot berdi.
“Oʻzbekistonda davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi, sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash amaliyoti shuningdek, tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting baholash tizimi yoʻlga qoʻyildi, davlat xizmatchilarining korrupsiyaga murosasizligini oshirish boʻyicha oʻqitish tizimi takomillashtirildi”, – deya taʼkidladi X.Meliyev.
Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi va hujjat 30 mingga yaqin tashkilotlar, jumladan 70 dan ortiq davlat organlariga tatbiq etilgan. Oʻz oʻrnida mazkur Qonun bilan hech bir davlatda yoʻq amaliyot – xodimga aloqador shaxslar, yaʼni yaqin qarindoshlar yoki tadbirkorlik subyektlari ushbu xodim ishlayotgan tashkilotga murojaat qilganda deklaratsiya toʻldirish lozimligi normasi kiritilganligi xalqaro ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.
Qonunda belgilangan talablarga rioya qilinmasa, endilikda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra jarimaga tortiladi. Manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holda qaror qabul qilingan yoki bitim tuzilgan taqdirda sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi, olingan foyda esa davlat daromadiga oʻtkaziladi.
Adliya vaziri oʻrinbosari X.Meliyev tomonidan taʼkidlangandek, “Qonunga koʻra, manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha maxsus boʻlinma sifatida davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning aynan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) boʻlinmalari yoki kadrlar boʻlinmalari belgilandi, oʻz navbatida ushbu boʻlinmalarga davlat organining yoki boshqa tashkilotning mazkur Qonun talablarini buzgan xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi oʻtkazish, manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnoma va deklaratsiyalarni koʻrib chiqish, xulosa berish va natijasiga koʻra odob-axloq komissiyasiga taklif kiritish kabi vakolatlar berilganligi Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashishda yana bir muhim qadam qoʻyilganligidan dalolat beradi”.
Shuningdek, sessiya davomida Gruziya Korrupsiyaga qarshi kurashish byurosi direktorining birinchi oʻrinbosari Tamta Kachkachishvili, Xitoy Odob-ahloqni nazorat qilish markaziy komissiyasi, Intizomni tekshirish va nazorat qilish akademiyasining partiya kotibi Liu Shuo, Saffolk (AQSH) okrugi prokuraturasining maxsus prokurori va Boston kolleji huquq maktabining professori Glenn Kunha, Qozogʻiston korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi raisining birinchi oʻrinbosari Ulan Sarkulovlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Adliya vazirligi
Axborot xizmati