Asosiy kontentga o'tish

Soʻnggi toʻrt yilda sud ekspertlik turlari 44 tadan 57 taga oshgan, tadqiqot turlari 92 taga yetkazildi

2024-09-05 17:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 5-sentabr kuni Milliy matbuot markazida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tomonidan olib borilayotgan ishlar va galdagi vazifalar” mavzusida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi direktori oʻrinbosari U.Uzakov tomonidan Markaz faoliyati, amalga oshirilgan islohotlar, yangi joriy etilgan ekspertiza turlari, Markaz hududiy boʻlimlarining faoliyati haqida keng jamoatchilikka maʼlumot berildi.

Taʼkidlangandek, Markazda sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qaror va ajrimlari, hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida 2020 yil davomida 923 ming 760 ta obyektlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilib, 28 ming 678 ta xulosa va mutaxassis fikrlar berilgan boʻlsa, joriy yilning 8 oyi davomidagina 3 mln 96 ming 80 ta obyektlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilib, 26 ming 28 ta ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlari berilgan. Bu esa Markazga sud va tergov idoralari tomonidan sud-ekspertizalarini tayinlashga ehtiyoj yildan-yilga tobora oshib borayotganidan dalolat bermoqda.

Ilmiy-tadqiqot va uslubiy faoliyat markazning asosiy faoliyat yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlar natijasida keyingi 4 yilda 10 dan ortiq yangi sud-ekspertiza va tadqiqot turlari yaratilib, sud ekspertlik amaliyotiga tatbiq etildi. Natijada markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 44 tadan 57 taga oshgan boʻlsa, tadqiqot turlari esa 92 taga yetkazildi.

Markaz tarixida ilk bor Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti qoshida “12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi” ixtisosligi boʻyicha mustaqil izlanuvchilikka qabul komissiyasi tomonidan 2 nafar nomzod doktoranturaga qabul qilindi.

Shuningdek, sud ekspertlari va ekspertiza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir maʼlumotlarni yetkazish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlashga moʻljallangan “E-ekspertiza” elektron axborot tizimi ishga tushirilgan. Mazkur elektron tizim ishga tushishi natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar va sud ekspertiza muassasalarining oʻzaro hujjat aylanishida va uni xavfsizligini taʼminlashda ijobiy ishlarga erishilmoqda.

Markaz ekspertlari tomonidan OAV vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga javob berildi.

Adliya vazirligi
Axborot xizmati

 

43