Oʻsimliklarning “sogʻligini” endi zamonaviy uskunalar aniqlaydi
2026-08-03 15:10:00 / Yangiliklar

Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutining Texnik ekinlarning ekologik fiziologiyasi va genetikasi laboratoriyasida qishloq xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangi ilmiy bosqich boshlandi.
Bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biri — hosildorlikni oldindan bashorat qilish, ekinlarning qurgʻoqchilik, yuqori harorat va tuproq shoʻrlanishi kabi stress omillariga chidamliligini baholashdir.
Institutdagi mazkur laboratoriya xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori aniqlikdagi uskunalar bilan jihozlangan:
GFS-3000 tizimi gaz almashinuvi va fluorestsensiya oʻlchash uskuna dala sharoitida, oʻsimlikka shikast yetkazmagan holda uning fotosintez faolligini real vaqt rejimida oʻlchaydi.
Oʻsimlikning CO₂ yutish qobiliyati, suv sarfi, barg orqali gaz almashinuvi va fotosistemalarning ishlash samaradorligi aniqlanadi.
Fiziologik va biokimyoviy koʻrsatkichlar tahlili orqali oʻsimlikda koʻrinadigan belgilar (simptomlar) hosil boʻlmasdanoq uning ichki himoya mexanizmlari va stressga moslashuvi oʻrganiladi.
Mazkur uskunalar yordamida ekinlarning kelgusi hosildorlik salohiyatini hali gullamasdan va hosil tugmasidan oldin ilmiy asosda bashorat qilish imkoniyati yaratiladi. Oʻsimliklarning suvga va stressga munosabati oldindan aniqlanib, sugʻorish hamda parvarish tadbirlarini optimal rejalashtirishga yordam beradi.
Ma’lumot o‘rnida: Institut boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy taʼlim maskanlari, seleksiya va urugʻchilik markazlari hamda fermer va bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun shartnoma asosida yuqori aniqlikdagi tahlil xizmatlarini yoʻlga qoʻydi.



