Markaziy va Janubiy Osiyo uchun TWAS Jahon Fanlar akademiyasining mintaqaviy onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-07-31 09:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining faol ko‘magida TWASning Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy hamkorlik markazi (TWAS CASAREP) tomonidan tashkil etilgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi TWAS a’zolarining mintaqaviy onlayn konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya mintaqaning yetakchi olimlari, TWAS a’zolari hamda milliy fanlar akademiyalari vakillarini ilmiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va TWAS CASAREPning 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan faoliyat dasturini muhokama qilish maqsadida birlashtirdi.
Tadbirni ochib berar ekan, TWAS CASAREP koordinatori professor G. U. Kulkarni hamda TWASning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti professor M. Iqbal Choudhary mintaqaning ilmiy salohiyatini yanada birlashtirish, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va akademik mobillikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi nomidan Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Shahlo Turdikulova ma’ruza bilan ishtirok etib, mamlakatda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish borasidagi natijalar hamda TWAS bilan istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlarini taqdim etdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mintaqaviy sheriklikni kengaytirish va yangi qo‘shma ilmiy tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida TWAS CASAREPning 2025–2026-yillardagi faoliyati yakunlari sarhisob qilindi, Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan TWASning mintaqaviy uchrashuvi natijalari ko‘rib chiqildi, shuningdek, “Mentor–Mentee Programme” mentorlik dasturini yo‘lga qo‘yish, ilmiy konferensiyalar va ta’lim tadbirlarini tashkil etish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Ishtirokchilar Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy tarmoqlarni rivojlantirish, akademik mobillikni kengaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni TWAS dasturlariga faol jalb etishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladilar. Muhokamalar davomida O‘zbekistonda ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatning mintaqaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim markazlardan biri sifatidagi tobora ortib borayotgan o‘rni ham yuqori baholandi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra, TWAS faoliyatini mintaqada yanada kengaytirishga bo‘lgan umumiy manfaatdorlik tasdiqlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining konferensiyani tashkil etish, TWAS bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda Markaziy va Janubiy Osiyoning ilmiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishdagi salmoqli hissasi alohida e’tirof etildi.
Ma’lumot uchun: Jahon Fanlar akademiyasi (TWAS) — 1983-yilda tashkil etilgan xalqaro ilmiy tashkilot bo‘lib, rivojlanayotgan va iqtisodiyoti shakllanayotgan mamlakatlarning yetakchi olimlarini birlashtiradi hamda YUNESKO homiyligida faoliyat yuritadi. TWAS 100 dan ortiq mamlakatdan saylangan 1 400 nafardan ortiq a’zoni birlashtirib, rivojlanayotgan davlatlarda ilm-fanni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vositasi sifatida ilgari surishda muhim rol o‘ynaydi.







