Xorazm Ma’mun akademiyasi Germaniyada e’tirof etildi
2026-07-30 10:05:00 / Yangiliklar

Germaniyaning Shtutgart shahrida Germaniya Federal Ta’lim, oila ishlari, qariyalar, ayollar va yoshlar vazirligi hamda UNESCO bo‘yicha Germaniya komissiyasi tomonidan "Barqaror rivojlanishda ta’limga sodiqligi uchun" mukofotlari topshirildi. Ushbu nufuzli e’tirofga sazovor bo‘lgan 30 ta tashabbus qatorida Xorazm Ma’mun akademiyasi ham alohida taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida Xorazm Ma’mun akademiyasi raisi, professor Ikram Abdullayev ishtirok etdi.
Xorazm Ma’mun akademiyasi (Xiva) hamda Kvedlinburgdagi Fachwerkzentrum (Sinch devor uylar markazi) Jahon merosi va barqaror rivojlanish ta’limini muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirgani, shuningdek, "Madaniy binolarni aslligicha saqlab qolish" loyihasi doirasida o‘zaro hurmat va hamkorlikka asoslangan xalqaro tashabbusni amalga oshirgani uchun e’tirof etildi.
Ushbu mukofot Xorazm Ma’mun akademiyasining madaniy merosni asrab-avaylash va barqaror rivojlanish yo‘lidagi xalqaro hamkorlikdagi faoliyatining yana bir muhim e’tirofi bo‘ldi.


