Fanlar akademiyasi: Muzey faoliyati va madaniy meros davlat muhofazasida
2026-07-13 15:25:00 / Yangiliklar

Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosi hamda uning kelgusi faoliyatiga oid bildirilayotgan fikr-mulohazalar yuzasidan Fanlar akademiyasi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi mamlakatimizdagi nufuzli ilmiy-maʼrifiy muassasalardan biri boʻlib, oʻzbek adabiyoti tarixi va milliy madaniy merosni oʻrganish, asrash hamda keng targʻib etish yoʻlida koʻp yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Muzey fondida saqlanayotgan noyob qoʻlyozmalar, arxiv hujjatlari, eksponatlar va boshqa madaniy boyliklar amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat muhofazasiga olingan.
Mazkur masala yuzasidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalar Fanlar akademiyasi tomonidan atroflicha oʻrganilmoqda.
Jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan taklif va mulohazalar muzey faoliyatini yanada takomillashtirish, tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy-maʼrifiy xizmatlar sifatini oshirish jarayonida, albatta, inobatga olinadi.
Shu bilan birga, muzey faoliyati, uning moddiy-texnik bazasi va kelgusi rivojlanishiga oid barcha qarorlar amaldagi qonunchilik talablari, vakolatli davlat organlarining qarorlari, soha mutaxassislari hamda ilmiy ekspertlarning xulosalari asosida qabul qilinishini maʼlum qilamiz.
Hozirgi kunda Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi oʻz faoliyatini belgilangan vazifalar doirasida izchil davom ettirmoqda. Shuningdek, muzey ekspozitsiyalari, noyob qoʻlyozmalar va boshqa madaniy boyliklarni belgilangan talablar asosida saqlash hamda muhofaza qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Fanlar akademiyasi milliy madaniy merosimizni asrash va rivojlantirishga befarq boʻlmagan, muzey faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan oʻz taklif va tashabbuslarini bildirayotgan barcha yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorchilik izhor etadi.
Fanlar akademiyasi Axborot xizmati
