Sun’iy intellekt kelajagi: Toshkentda iFLYTEK platformasi ishga tushdi
2026-07-02 17:30:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi yirik xalqaro tadbir – “iFLYTEK Open Platform Central Asia Launch Event” bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ishtirok etdi.
Taqdimot Markaziy Osiyo uchun “iFLYTEK” ochiq platformasini ishga tushirish, sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlandi.
Tadbir doirasida akademik Sh.Ayupov “iFLYTEK Open Platform Central Asia” platformasining tantanali ishga tushirish marosimida qatnashdi. Marosim davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, innovatsion yechimlarni joriy etish va ilmiy-texnologik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi tashabbuslar taqdim etildi.
Shuningdek, Fanlar akademiyasi prezidenti tadbir doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishdi. Unda sun’iy intellekt, til texnologiyalari, raqamli platformalar, aqlli sanoat yechimlari hamda ta’lim va ilm-fan uchun mo‘ljallangan ilg‘or ishlanmalar namoyish etildi.
Akademik Sh.Ayupov ko‘rgazmada taqdim etilgan innovatsion mahsulotlar va texnologik yechimlar bilan yaqindan tanishib, ularning ilmiy tadqiqotlar va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘llash istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston va xalqaro texnologik kompaniyalar o‘rtasida sun’iy intellekt, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
