30-iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi
2026-06-28 17:15:00 / Yangiliklar

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida 30-iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonni yoshlar quradi” shiori ostida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda davlat boshqaruvida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan islohotlar va tashabbuslar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Tadbirni G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Abdulaziz Xaydarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli mutaxassislar sifatida tarbiyalash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofoti sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shavkat Ayupov o‘z ma’ruzasida matematika va iqtisodiyotning o‘zaro uzviy bog‘liqligi, raqamli transformatsiya jarayonlarida aniq fanlarning tutgan o‘rni hamda yosh mutaxassislarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashining dolzarbligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u o‘zining ko‘p yillik ilmiy va kasbiy faoliyati davomida orttirgan boy tajribasi bilan o‘rtoqlashib, matematika va iqtisodiyot sohasidagi faoliyati bilan bog‘liq hayotiy misollar hamda qiziqarli voqealarni so‘zlab berdi. Professor yoshlarga ilm-fanga intilish, tinimsiz izlanish, tanlagan kasbiga sadoqat bilan yondashish va zamonaviy bilimlarni muntazam egallab borish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
