Akademik Ilhom Sodiqov Sinxua universitetining Faxriy professori boʻldi
2026-07-01 17:20:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori, akademik Ilhom Sodiqov Xitoyning Chendu shahrida boʻlib oʻtgan Yadroviy tibbiyot boʻyicha xalqaro akademik konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiyada akademik I.Sodiqov “OʻzFA Yadro fizikasi institutida radiofarmatsevtik preparatlarni ishlab chiqarish va yadro tibbiyoti sohasida Xitoy bilan hamkorlik istiqbollari” mavzusida maʼruza qildi.
Xizmat safari davomida dunyo reytingida 12-oʻrinda turuvchi, Xitoy va Osiyo mintaqasining yetakchi taʼlim muassasasi – Sinxua universiteti tomonidan akademik Ilhom Sodiqovga Faxriy professor diplomi topshirildi.
“Ilm-fan chegaraga ega emas, ilmiy-texnikaviy hamkorlik davlatlar va millatlar oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlashda alohida oʻrin tutadi. Ushbu unvon – nafaqat shaxsan menga, balki Yadro fizikasi instituti, Fanlar akademiyasi hamda butun Oʻzbekiston faniga boʻlgan yuksak hurmat belgisidir”, — dedi akademik oʻz nutqida.
Shuningdek, safar davomida Sinxua universiteti bilan neytron-aktivatsiyaviy va rentgenfluoressent tahlil usullari, radioizotop mahsulotlari ishlab chiqarish, yadroviy tibbiyot uchun radiofarmatsevtik dori vositalarini tayyorlash yoʻnalishlarda hamkorlik qilish kelishib olindi.
Ushbu hamkorlik yadro fizikasining tibbiyotdagi tatbiqi hamda mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
