Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov Ostonadagi xalqaro simpoziumda ishtirok etdi
2026-05-21 18:15:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Oltin O‘rda — cho‘l sivilizatsiyasining namunasi sifatida: tarix, arxeologiya, madaniyat va o‘ziga xoslik” mavzusidagi xalqaro simpoziumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjuman Yevrosiyo tarixidagi eng muhim davlat-sivilizatsiya hodisalaridan biri hisoblangan Oltin O‘rda ning tarixiy merosi, uning siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotdagi o‘rni hamda bugungi ilmiy tadqiqotlardagi ahamiyatiga bag‘ishlandi.
Akademik Shavkat Ayupov o‘z nutqida Markaziy Osiyo xalqlari tarixini chuqur o‘rganish, boy madaniy merosni asrash va ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, tarix, arxeologiya va manbashunoslik yo‘nalishlarida olib borilayotgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Simpozium doirasida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan olim va mutaxassislar tomonidan Oltin O‘rda davriga oid tarixiy manbalar, arxeologik topilmalar, madaniy meros va sivilizatsion jarayonlar yuzasidan ilmiy ma’ruzalar taqdim etildi.
Tadbir xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tarixiy merosni chuqur o‘rganish hamda Yevrosiyo xalqlari o‘rtasidagi madaniy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash uchun muhim platforma hisoblanadi.


