“Cho‘l jensheni” endi O‘zbekistonda ham yetishtiriladi
2026-05-21 17:05:00 / Yangiliklar

Shanxay hamkorlik tashkiloti Fan va texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik dasturi doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mintaqaviy bo‘limi — Xorazm Ma’mun akademiyasi hamda Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon Ekologiya va geografiya instituti olimlari tomonidan N2023E01007 raqamli xalqaro loyiha doirasida “Cistanche spp o‘simligini tabiatda muhofaza qilish va ekish texnologiyasini tadqiq qilish” mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib borildi.
Tadqiqot davomida ilk bor Cistanche deserticola o‘simligini O‘zbekiston sharoitida Haloxylon va Tamarix o‘simliklari ildiziga inokulyatsiya qilish mumkinligi ilmiy asoslab berildi hamda uni madaniy holda yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqildi.
Tadqiqot ishlari Xorazm Milliy tabiat bog‘ining Yangibozor va Xiva tumanlari qum hududlarida, shuningdek Xorazm Ma’mun akademiyasi eksperimental bazasida tomchilatib sug‘orish asosida amalga oshirildi. Natijada cho‘l shumgiyohini degradatsiyaga uchragan tuproqlar va qumli hududlarda samarali yetishtirish mumkinligi isbotlandi.
Tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston-Xitoy modeli Nigeriya Federal Respublikasida ham amaliyotga joriy etildi va ushbu texnologiya bo‘yicha xalqaro ixtiro patent olindi.
Hozirda xorijiy ilmiy hamkorlar va tadbirkorlar bilan Nigeriyada Cistanche deserticolani yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.



