YeOII Hukumat rahbarlarining navbatdagi majlisiga doir
2024-02-02 21:40:00 / Yangiliklar
Unda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri N.Pashinyan, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri A.Smailov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi M.Mishustin, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari A.Kasimaliyev ishtirok etdi. Kuba Bosh vaziri M.Krus video murojaat bilan qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan kuzatuvchi davlat sifatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda.
Hozirgi murakkab sharoitda savdo va hamkorlikda ijobiy dinamika saqlab qolinmoqda.
Ahamiyatlisi, ittifoqda kuzatuvchi maqomini olgan paytdan boshlab O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi YeOII mamlakatlari bilan qariyb ikki baravar ortdi (2020-yilda - 9,8 milliard dollar, 2023-yilda - 15,9 milliard dollar).
O‘tgan yilning sentyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi qo‘shma ishchi guruhining uchinchi yig‘ilishida amalga oshirilgan ishlar natijalari atroflicha muhokama qilinib, hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari belgilab olindi.
Xususan, 2021 - 2023-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi to‘liq amalga oshirildi, buning natijasida iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirish uchun yangi o‘sish nuqtalari hamda imkoniyatlar yaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston YeOIIning transchegaraviy tartib-qoidalar va yuklarni multimodal tashishni soddalashtirish, iqlim kun tartibi va elektron tijorat sohasidagi sanoat loyihalariga qo‘shildi.
Qolaversa, bir qator qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yildi. Ustuvor tarmoqlarda zamonaviy savdo-logistika markazlari, maxsus iqtisodiy hamda sanoat zonalari tashkil etilmoqda.
Shu bilan birga, hali yechimini topish kerak bo‘lgan bir qator masalalar borligi qayd etildi.
O‘zaro munosabatlarimizni cheklaydigan bu omillarni kelgusida bartaraf etish lozimligi qayd etildi.
Davom etayotgan global muammolar, ortib borayotgan oziq-ovqat va energiya xavfsizligi xatarlari hamda iqlim o‘zgarishi masalalari mamlakatlarimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarini yaqinroq muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Bu muammolarni yengib o‘tishda iqtisodiy hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish, milliy iqtisodiyotlarning raqobatdosh ustunliklari va bir-birini to‘ldiruvchi omillaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Shundan kelib chiqib, umumiy sa’y-harakatlarni tovar ayirboshlash hajmini oshirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni liberallashtirish, O‘zbekiston va YeOII davlatlari o‘rtasidagi barcha tarif va notarif cheklovlarini olib tashlash hamda to‘liq erkin savdo rejimiga o‘tish, texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini birlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga qaratish zarurligi bildirildi.
Mazkur sa’y-harakatlar kelgusida Tashkilot doirasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.