Asosiy kontentga o'tish

O‘zbek IT-kompaniyasining Qozog‘istondagi muvaffaqiyati mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarga yo‘l ochmoqda

2025-04-03 15:35:00 / Yangiliklar

Qozog‘istonga tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “BILLZ” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. “Smart Point Almaty” innovatsion markazida bo‘lib o‘tgan muloqot davomida kompaniyaning mintaqadagi faoliyati va kelgusi rejalari muhokama qilindi.

“BILLZ” – chakana savdo va bizneslar uchun raqamli boshqaruv tizimlarini taqdim etuvchi platforma bo‘lib, O‘zbekistonda asos solingan va hozirda Qozog‘iston bozorida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Kompaniya chakana savdo korxonalariga sotuv jarayonlarini avtomatlashtirish, mijozlar bilan ishlashni yaxshilash va biznes samaradorligini oshirishga yordam beruvchi ilg‘or yechimlarni taqdim etadi.

Uchrashuv davomida “BILLZ”ning Qozog‘istondagi yutuqlari, mijozlar bazasining kengayishi, hamkorlik loyihalari hamda kompaniyaning xalqaro bozordagi strategiyasi haqida fikr almashildi.

“BILLZ”ning mintaqaviy muvaffaqiyati O‘zbekiston IT-kompaniyalarining eksport salohiyati va texnologik yetukligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, delegatsiya “Smart Point Almaty” markazida “EasyTap”, “Kwaaka”, “Sabre”, “Ioka” kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Sessiya doirasida Qozog‘iston startaplari o‘z mahsulotlarini, jumladan, fintech yechimlari, bulutli platformalar va elektron tijoratni avtomatlashtirish vositalarini taqdim etdilar.

“Smart Point Almaty” – “Almaty Towers” biznes markazida joylashgan yetakchi kovorking maydoni va IT-markazi hisoblanadi. Loyiha biznes uchun zamonaviy infratuzilma, ijodiy platformalar va ijtimoiy tashabbuslarni birlashtirgan holda, startaplar, IT-kompaniyalar va frilanserlar uchun qulay ekotizim yaratadi.

Olmaotadagi uchrashuvlar ikki mamlakat biznesining qo‘shma texnologik tashabbuslarga va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi. Ushbu hamkorlik nafaqat Markaziy Osiyoning yangi global o‘yinchi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, balki kengayish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, Markaziy Osiyoning yagona raqamli ekotizimini shakllantirishga yo‘l ochadi.

252

O‘zbek IT-kompaniyasining Qozog‘istondagi muvaffaqiyati mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarga yo‘l ochmoqda