audio

    16+
    Oʻzbekistonda mahalliy hokimiyat organlarini rivojlantirish boʻyicha yangi loyiha ishga tushirilmoqda

    Bugun Oʻzbekistonda “Mahalliy davlat hokimiyati organlarini rivojlantirish va davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish” loyihasi ishga tushirildi.

    Bu haqda 2023-yil 14-dekabr kuni Adliya vazirligi hamda AQSh taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda ma’lum qilindi.

    Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (Chemonics International) o‘zaro hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 15.2 million dollarni tashkil qiladi.

    Loyihada ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, kadrlar va moddiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha aniq mezonlarni ishlab chiqish, hokimiyatning vakillik organlari va ijro hokimiyati idoralari oʻrtasida yaqin hamkorlikni taʼminlash, davlat boshqaruvida ochiqlikka asoslangan, samarali qarorlar qabul qilish tizimini tatbiq etish va davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish, takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarni bekor qilish, davlat organlarini fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan hamkorligini oshirish, hisobdorlik va jamoatchilik nazorati kabi masalalar nazarda tutilgan.

    Ma’lumki, Oʻzbekistonda boshlangan navbatdagi maʼmuriy islohotlar natijasida hukumatga boʻysunadigan ijro organlari soni 61 tadan 28 taga, shu jumladan vazirliklar soni 21 tagacha qisqardi, 20 ta idora toʻliq tugatildi. Ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, professional, xalqimiz talablariga javob beradigan, yuqori natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat boshqaruvi tizimi shakllantirilmoqda.

    Ishga tushirilayotgan mazkur loyiha, hozirda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlardan koʻzlangan maqsadlarga erishishga koʻmak beradi.

    Shu bilan birga, tadbir davomida loyihani ishga tushirishga bagʻishlangan tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

    Ushbu hujjatda mahalliy davlat hokimiyati faoliyati samadorligini taʼminlash va unda fuqarolar ishtirokini ragʻbatlantirish va mahalliy davlat hokimiyati organlari salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

    • view_icon 465