Soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
2023-11-23 12:10:00 / Yangiliklar
Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov boshchiligidagi vazirlik xodimlari hamda Vinsent de Pol Kukpayzan boshchiligidagi Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi vakillari Jon Middlton, Supriyo De va Modestas Kaselyauskas ishtirok etdi.
Uchrashuvda joriy yilning iyul oyida Vinsent de Pol Kukpayzan boshchiligida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston soliq ma’muriyati holatini diagnostik baholash vositasi (TADAT)ning yakuniy hisoboti natijalari muhokama qilindi. O‘zbekiston soliq tizimi va ma’muriyatchiligi sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan natijalar alohida ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: “TADAT” (Tax Administration Diagnostic Assessment Tool) – 9 ta faoliyat sohasini hisobga olgan holda 32 ta yuqori darajadagi ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat soliq ma’murchiligining asosiy tarkibiy qismlari, ularning kuchli va zaif tomonlarini obyektiv baholash uchun mo‘ljallangan vosita.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston soliq siyosati va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, xususan, xufiyona (yashirin) iqtisodiyotni qisqartirish, soliq xavflari va soliq nizolarini boshqarish hamda soliq tizimini takomillashtirish uchun zarur boshqa masalalarda kelgusida Xalqaro valyuta jamg‘armasidan texnik ko‘mak jalb etish yuzasidan fikr almashildi.
Yakunda missiya o‘rganishlarining natijalarini muhokama qilish uchun qo‘shimcha uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.