audio

    16+
    Xitoy milliy jamiyati bilan ekologiya sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi

    BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Xitoyning cho‘l sanoati va qum bo‘roniga qarshi kurash milliy jamiyati raisi An Fendzi bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

    Uchrashuvda yerlarning degradatsiyasi va barqaror yer boshqaruvi boʻyicha tadqiqotlar olib borish, jumladan, tajriba almashish va Oʻzbekistonning chang va qum bo'ronlari xavfi yuqori boʻlgan hududlarida qoʻshma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

    Ma'lumot uchun, Xitoyning cho‘l sanoati va qum bo‘roniga qarshi kurash milliy jamiyati Xitoyda cho'llanishning oldini olish bo'yicha yagona jamiyat bo‘lib, 1992-yilda tuzilgan. Faxriy rais – Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Syu Szyalu. Jamiyat yaratish toʻgʻrisidagi qaror 1950-yilda Xitoyning gʻarbiy qismida kuchli qum-chang boʻronlari sodir boʻlganidan keyin paydo boʻlgan.

    Ta'kidlash joizki, jamiyat milliy darajadagi akademik, jamoat va notijorat tashkilotdir. Uning tarkibiga cho‘llanishga qarshi kurash sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, olimlar, tadbirkorlar kiradi.

    Yig‘ilishda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan cho‘llanish va qum bo‘ronlariga qarshi kurashish strategiyasi qabul qilingani, unda fermerlar va xususiy sektor uchun yaylovlarni subsidiyalash, shaxsiy yaylovlarni taqiqlash nazarda tutilgani, chorva mollarini ko'paytirish va jamoaviy chorvachilikni yaratish (sovxozlarni tashkil etish), shuningdek, ilgari haydalgan yer uchastkalarida o'rmon va o't qoplamini tiklash ta’kidlandi. 

    Oʻz navbatida Aziz Abduhakimov Xitoy tomonini Oʻzbekistonning janubiy qismida chang va qum bo'ronlari tahdidlarining kuchayishi va boshqa hududlarda ham jadalligi hamda milliy tashabbus doirasida bu ekologik muammoga qarshi kurash boʻyicha nazorat choralaridan biri — "Yashil makon” va uning respublikada amalga oshirilishining borishi haqida batafsil maʼlumot berdi.  Vazir, shuningdek, jamiyat yer va umuman tabiat bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini qayd etdi.

    Uchrashuv yakunida Ekologiya vazirligi va jamiyat oʻrtasida choʻllanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum ishlab chiqish va imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    • view_icon 280