Ekologiya sohasidagi yetakchi xalqaro tashkilot bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
2025-02-12 11:45:00 / Yangiliklar

Muzokaralar Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyani (CMS) targ‘ib qilish bo‘yicha yuqori darajadagi tadbir doirasida bo‘lib o‘tdi.
Eng qadimiy va nufuzli ekologik tashkilotlardan biri rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro shartnomalar doirasida hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishildi. Xususan, NABU O‘zbekistonga ushbu sohadagi davlat majburiyatlarini amalga oshirishda ekspert yordamini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Qozog‘istonda sayg‘oqlar populyatsiyasini ko‘paytirish va O‘zbekistonda ekologik dasturlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, joriy yilning noyabr-dekabr oylarida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan CITES konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig‘ilishi oldidan hujjatlar, tashabbuslar va tadbirlarni birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Tabiat va bioxilma-xillikni asrash ittifoqi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolash bilan yakunlandi. Hujjat yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlar turlari va ularning yashash joylarini muhofaza qilish, shuningdek, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish sohasida birgalikdagi sa’y-harakatlarga qaratilgan.
Memorandum doirasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari:
• yo'qolib borayotgan yovvoyi tabiat vakillarining yashash joylarini himoya qilish va muhofaza qilinadigan hududlarni yaratish bo'yicha loyihalarni qo'llab-quvvatlash.
• O‘zbekistonga atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni bajarishda ko‘maklashish, shu jumladan, IUCN va boshqa ko‘p tomonlama tashkilotlar bilan hamkorlik qilish.
• Atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari mutaxassislari uchun malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish (monitoring, turlarni muhofaza qilish, ekologik ta'lim).
• Oʻzbekistonlik yosh olim va mutaxassislarni Germaniyaning yetakchi ekologiya institutlarida stajirovka va malaka oshirishni tashkil etish orqali qoʻllab-quvvatlash.
• Brakonyerlikka qarshi kurash va yovvoyi tabiat populyatsiyasi monitoringini qo'llab-quvvatlash.
• ko‘chmanchi qushlar va ularning yashash joylarini muhofaza qilish loyihalarini ishlab chiqish.
Ushbu memorandum tabiatni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, mintaqada yanada barqaror ekologik siyosatni shakllantirishga xizmat qiladi.