Xalqaro va mahalliy olimlar qum va chang bo‘ronlariga qarshi kurashning innovatsion usullarini muhokama qildilar
2023-11-14 16:10:00 / Yangiliklar
“Ta'lim va yerdan foydalanishning ilmiy asoslangan, innovatsion yondashuvi yer degradatsiyasi hamda qum va chang bo'ronlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga yordam bera oladimi?” mavzusiba g‘ishlangan o‘tkazilgan tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti, UNCCD (BMTning cho'llanishga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiyasi) va UNDP (BMT Taraqqiyot dasturi) vakillari, 10 ga yaqin xorijiy davlat ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar ishtirok etdi.
“Tadbirda asosiy masala qurg‘oqchilik, yerlarning degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashda ta’lim, ilm-fanning ahamiyatini oshirish, innovatsion yondashuvlarga qaratildi, — dedi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Baxtiyor Po‘latov. — Chet ellik mutaxassislarga yurtimizda qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdik. Ularga, Orol dengizi hududida cho‘llanishga qarshi olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, juda ko‘p miqdorda saksovul o‘simligi ekilayotganligi ma’qul keldi. Bugungi kunda cho‘llanishga qarshi kurashda suv resurslarini saqlab qolish juda muhim hisoblanadi. Olimlar bilan muhokamalarda shu mavzuga ham e’tibor qaratdik”.
Muzokaralar davomida chang va qum bo‘ronlari asosiy e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan masalalardan ekanligi ta'kidlandi.
“Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashda innovatsiyalar va yangi texnologiyalar juda muhim hisoblanadi. Biz turli xil amaliyotlarning biofizik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatlarini ko'rib chiqdik, qum va bo'ronlarning qaynoq nuqtalarini aniqlash kabi masalalarni ko‘rib chiqdik, — dedi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti vakili Feras Ziadat. — Maqsadimiz qum va changni keltirib chiqaradigan omillarni aniqlash va bartaraf etishdir. Chunki bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki boshqa qit’alarga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Xususan, qum va chang bo'roni dunyoning 151 ga yaqin davlatiga ta'sir qilmoqda”.
Tadbir davomida O'zbekistonda ekologiya va cho'llanish muammolari bo'yicha tadqiqotlar olib borayotgan universitetlar va ilmiy muassasa vakillari o‘z fikr va takliflarini bildirishdi. Shuningdek, UNCCD va UNDP kabi xalqaro tashkilot vakillari chang va qum bo'ronlariga qarshi kurashish sohasida hamkorlik va qo'llab-quvvatlash imkoniyatlarini muhokama qildilar. Qolaversa, Orol dengizidagi cho‘llanishga qarshi kurash choralari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
“Prezidentimiz BMT minbarida Orol dengizi muammosini ko‘tarib chiqqanidan beri dunyo jamoatchiligi Orol dengizi muammosiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Bugungi anjumanda dunyoda bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi, dengiz, daryolarning qurib ketishi, yerlarning degradatsiyaga uchrash masalalari muhokama qilindi. Orol muammosini hal qilish borasida qilingan va rejalashtirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. — dedi Ekologiya, atrof-muhtini muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orol dengizi xalqaro innovatsion markazi direktori Baxitjan Habibullaev. — Hozirgi vaqtda 1 million 700 ming gektardan ziyod yerda saksovul ekildi. Kelajakda esa har yili 200 ming gektar yerga saksovul ekilishi rejalashtirilmoqda”.
Tadbir yakunida cho‘llanish, qurg‘oqchilikka qarshi kelajakda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar belgilab olindi.