Xitoy O‘zbekiston bilan turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor — Xu Xepin
2023-10-30 09:55:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda Aziz Abduhakimov XXR Madaniyat va turizm vaziri X.Xepinning mamlakatimizga tashrifidan mamnun ekanligini taʼkidlab, bu nafaqat turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, balki UNWTO doirasida qoʻshma harakatlarni belgilab olishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Xitoy tomoni esa Oʻzbekistonning turizm sohasida strategik hamkori ekanligini alohida qayd etdi. X.Xepin oʻzaro turistik oqimni oshirish, mamlakatimizda turizm maskanlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, turizm infratuzilmasiga sarmoya kirituvchilar uchun berilayotgan imtiyozlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xitoy tomoniga 2023-yil mart oyida mazkur davlatning turistik guruhlari tashrif buyurishi tavsiya etilgan mamlakatlar roʻyxatiga Oʻzbekiston kiritilganligi uchun alohida minnatdorlik bildirildi.
Qolaversa, hozirgi kunda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida haftasiga 11 ta aviaqatnov 3 ta aviakompaniya “Uzbekistan airways”, “China Southers Airlines” va “Loongair” tomonidan amalga oshirilayotgani hamda kelgusida ushbu qatnovlar sonini va geografiyasini kengaytirish boʻyicha fikr almashildi. Xitoy tomoni respublika hududiy aeroportlarini davlat xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish loyihalariga taklif etildi.
Bundan tashqari, UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bildirilgan tashabbuslarni tashkilot doirasida hamkorlikda amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, O‘zbekiston Turizm qoʻmitasi delegatsiyasing Xitoyga tashrifini amalga oshirib, turizm sohasida Xitoy tajribasini oʻrgangan holda, 2030-yilga qadar turizmni rivojlantirish strategiyasi uchun asosli taklif va loyihalarni ishlab chiqishga kelishildi.
Oʻz navbatida Xu Xepin yuqori saviyada tashkil etilgan tashrif va Xitoy tomoniga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, UNWTO Bosh assambleyasining 25-sessiyasi muvaffaqiyatli va samarali oʻtganligini alohida qayd etib, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar nafaqat tashkilot doirasida hamkorlikni kuchaytirishga, balki sohadagi dolzarb masalalarga samarali yechim ekanligiga ishonch bildirdi. U Xitoy, Oʻzbekiston va UNWTO oʻrtasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhimligini inobatga olib, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan taklif va loyihalarni “Bir makon — bir yoʻl” loyihasi doirasida ham amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidladi. X.Xepin xitoylik turistlar orasida eng ommabob turizm yoʻnalishlari sifatida Oʻzbekistonda yashil va ekoturizm, intellektual turizm, madaniy turizm imkoniyatlarini kengroq targʻib etishni taklif qildi. Shuningdek, o‘zaro hamkorlikda xitoy sayyohlari uchun maxsus turistik mahsulotlar va yoʻnalishlarni ishlab chiqish, kadrlarni tayyorlash, gidlarni oʻqitish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.
UNWTO Bosh kotibi Z.Pololikashvili Bosh assambleya yubiley sessiyasining Samarqandda yuqori saviyada tashkil etilganligi uchun Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi. U Madridga qaytishi bilanoq UNWTO sessiyasida Prezident tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirishga kirishishini ta’kidlab o‘tdi.
Z.Pololikashvili Samarqand shahrida ochilgan UNWTO Xalqaro turizm akademiyasiga XXR oʻqituvchi va mutuxassislarini taklif qilish uchun uch tomonlama hamkorlik tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, Samarqandda yangi tashkil etilgan UNWTO tematik ofisiga “Ipak yoʻlida turizm” boʻyicha Xitoydan yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda yangi loyihalar ishlab chiqish, Oʻzbekiston shaharlarini “Ipak yoʻli” shaharlari xalqaro turizm alyansiga aʼzo qilishni taklif etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar 2024-yilda mazkur formatdagi uch tomonlama uchrashuvni Xitoyda ham tashkil etishga kelishib oldilar.