O‘zbekiston va Misr o‘rtasida ekologiya sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi
2024-12-27 09:25:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda xorij tomoniga Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida respublikamizni ko‘kalamzorlashtirish, ekologik muammolarni hal etish, Orol dengizi mintaqasida chang va qum bo‘ronlarining oldini olish, ekotizimni tiklash maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bir qator ekologik tashabbuslar haqida ma’lumot berildi. Bu yo‘nalishda A.Abduhakimov Misrning Sinay cho‘li va mamlakatimizning boshqa hududlarida 100 million tup daraxt ekish loyihasiga qiziqish borligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2025-yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish tashabbusi ham alohida qayd etildi.
Uchrashuvda “2025–2027-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston va Misr hukumatlari oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik dasturi”ni ishlab chiqish ham muhokama qilindi. Ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik oqimini oshirish, ijodiy, inklyuziv va ekoturizmni rivojlantirish, ikki mamlakat milliy madaniyati, san’ati va tarixiy merosini sayyohlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi o‘rtasida ekologik hamkorlik sohasida anglashuv memorandumini imzoladilar. Shu nuqtai nazardan, tomonlar imzolangan memorandumning bajarilishini nazorat qilish, ekologiya va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida muntazam ravishda ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar. Shuningdek, ishchi guruh tuzish va ikki vazirlikdan mas’ul shaxslarni tayinlash bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Misr delegatsiyasi Ekologiya vazirligining Vaziyatlar markazida ham bo‘lib, u yerda atrof-muhit monitoringi tizimi, ekologik huquqbuzarliklarni kuzatish bo‘yicha raqamli texnologiyalarni joriy etish va ularga tezkor chora ko‘rish mexanizmlari bilan tanishishdi.