Turk ekspertlari bilan mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi
2024-12-16 09:45:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda Sog‘liqni saqlash sohasidagi turk erkspertlari Mehmet Ugurlu, Muhammet Yerken, Mehmet Avji, Talgat Kuchuk, Mehmet Ersoy va Hasan Bagji hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida tomonlar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini jahonning ilg‘or va muvaffaqiyatli tajribalar asosida takomillashtirish, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini isloh qilish, sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, tibbiy sug‘urta tizimi, farmatsevtika sohasi va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, uchrashuvda shifoxonalarning faoliyat samaradorligini oshirgan holda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, tibbiy xizmatlarni rejalashtirish, shifokorlar malakasini oshirish hamda ushbu yo‘nalishda samarali mexanizmlarni shakllantirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda fikrlar almashinuvi jarayonlarini yanada ko‘paytirishga kelishib oldilar.