Yengil sanoatdagi natijalar va takliflar ko‘rib chiqildi
2024-12-13 09:05:00 / Majlislar
Bu tarmoqlar aholi bandligi va eksportda katta o‘ringa ega. Xususan, bunday korxonalarda 430 ming fuqaro ish bilan ta’minlangan. Yengil sanoatning jami ishlab chiqarishdagi ulushi 14 foizni, eksportda 16 foizni tashkil qiladi.
Lekin bugungi murakkab sharoitda tashqi bozordagi vaziyat tez o‘zgarayapti. Buning ta’sirida eksport narxlari ip kalavada 9 foizga, gazlamada 15 foizga, tayyor mahsulotda 13 foizga tushgan. Asosiy eksport bozorlarimizda tayyor mahsulot olish kamaygan.
Yig‘ilishda bu vaziyatga moslashib ishlash, ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish choralari muhokama qilindi.
Yanvar-noyabr oylarida to‘qimachilik eksporti 2,6 milliard dollarni tashkil qildi. Sohadagi imkoniyatlar hisobiga buni oshirish mumkinligi ta’kidlandi.
Jahon bozorida tola narxi pasayib borayotgan sharoitda tola va ip kalavani chuqur qayta ishlashni ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun mato ishlab chiqarish va bo‘yash korxonalarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi. Bu orqali ip kalavani qayta ishlash darajasini 70 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, bu yil qo‘y va echki terisi eksportidan 10 foizlik yig‘im bekor qilingani natijasida 3 million dollarlik eksport shartnomalari tuzilgan. Buni kelasi yil ham davom ettirib, eksportni oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Charm sanoati korxonalarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari va kelgusidagi rejalar bo‘yicha mas’ullarning hisoboti eshitildi.
Charm sanoatida bichuvchi, tikuvchi, kosib kabi o‘rta bo‘g‘in kadrlari yetishmayotgani, bu yo‘nalishda yiliga bor-yo‘g‘i 167 nafar mutaxassis tayyorlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, poyabzal ishlab chiqarish rivojlangan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi yetakchi korxonalarni texnikumlarga bog‘lab, “dual ta’lim”ni yo‘lga qo‘yish zarurligi aytildi.
Yig‘ilishda kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar haqida ham axborot berildi.
Qayd etilganidek, yengil sanoat tarmog‘iga 2 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilib, 82 ta yirik loyihani amalga oshirish hamda 25 mingta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. To‘qimachilik mahsulotlari eksportini 4 milliard dollarga, charm mahsulotlari eksportini 250 million dollarga olib chiqish maqsad qilingan.