Namangan iqtisodiyotining qo‘shimcha imkoniyatlari tahlil qilindi
2024-11-27 09:20:00 / Taqdimotlar
O‘tgan o‘n oyda viloyatda 681 ta loyiha bajarilib, 21 mingta ish o‘rni yaratilgan. 21 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarilib, 702 million dollarlik eksport qilingan. Yil yakunigacha viloyat iqtisodiyoti 8 foiz o‘sishi kutilmoqda.
Endi kelgusi yilga marra olish zarur. Shu bois barcha hududlarga ishchi guruh yuborilib, tadbirkorlarning takliflari o‘rganilib, rejalar shakllantirilmoqda.
Namangan viloyatida 527 million dollarlik 182 ta yangi loyiha imkoniyati aniqlangan. Masalan, Namangan shahri “Barkamol avlod” mahallasidagi kichik sanoat zonasi kengaytirilsa, 60 million dollarlik charm-poyabzal loyihasini joylashtirish mumkin. Mingbuloqdagi “Namangan” massivida shunday zona tashkil qilinsa, 25 million dollarlik sanoat loyihalariga sharoit bo‘ladi.
Poplik tadbirkor AQSHlik hamkorlar bilan 80 million dollar sarmoya kiritib, yiliga 1,8 million tonna flyuorit toshini qayta ishlash taklifini bergan. Natijada 200 ta ish o‘rni, 70 million dollar eksport imkoniyati paydo bo‘ladi. Yana bir korxona 40 million dollar investitsiya kiritib, 5 ming gektarda dorivor o‘simlik yetishtirish, qandolat ishlab chiqarish va turizm maskani tashkil qilish istagini bildirgan.
Ushbu tumandagi sizot suvi yaqin yerlarda sholi, g‘alla, dorivor va ozuqabop ekinlar, Norin tumanidagi meliorativ tik quduqlar atrofida baliq yetishtirish mumkin. Chorkesar, Zarkent va Isparon hududlarida sug‘orish yaxshilanib, chorvadorlarga yer ajratilsa, 100 ming bosh qoramol va echki boqish imkoni bor.
Yangiqo‘rg‘onda Qishloq xo‘jaligi texnikumi tashkil etilib, kartoshkachilik markazi bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilishi ham malakali mutaxassislar, ham asosiy oziq mahsuloti tayyorlashga xizmat qiladi. Asalarichilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya orqali xonadonlarda asalari boqib, ularni qo‘shimcha daromadli qilsa bo‘ladi.
Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi. Xususan, 2025-yilda Namangan viloyatiga 4 milliard 200 million dollar investitsiya olib kelish, 34 ming ish o‘rni yaratish va 1 milliard dollar eksport qilish mo‘ljallangan.
Joriy yil yakunida kambag‘allik darajasini 8 foizdan ham pasaytirish rejlashtirilgan. 2025-yilda 78 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarib, bu ko‘rsatkichni 5,3 foizga tushirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, chet elda mehnat migratsiyasida bo‘lgan 100 mingga yaqin kishini yurtimizda ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, viloyat iqtisodiyotini kompleks rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga ko‘rsatma berdi. Investorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, loyihalari uchun sharoit yaratish, aholini tadbirkorlikka jalb etib, bandlikni ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.