OTB bilan iqlim texnologiyalari va ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2024-11-13 17:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda vazir vitse-prezidentga joriy yilning aprel oyida Toshkent shahridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o'rganish universitetiga ("Green University") tashrifi, shuningdek, OTB tomonidan O‘zbekistonga iqlim o'zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish sohasida ko‘rsatilayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuv davomida yurtimizda hukumati tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim Kengashining tashkil etilishi, Milliy iqlim siyosati va Milliy iqlim strategiyasini ishlab chiqish haqida so‘z yuritdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar bir qator ustuvor masalalar, jumladan, yer degradatsiyasi va cho‘llanish, qishloq xo‘jaligiga eng yangi iqlim texnologiyalarini joriy etish, Orolboʻyi ekotizimini tiklash, aholi turmush darajasini oshirish, ish oʻrinlarini yaratish va Aral Climate Expo Hubni tashkil etishga eʼtibor qaratishdi. Shuningdek, OTB vitse-prezidenti bilan “Yashil shahar” loyihasi ham muhokama qilindi, uning doirasida har bir hudud va uning maʼmuriy markazi uchun atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha bosh reja ishlab chiqiladi.
“Bu yil biz Oʻzbekiston bilan yakuniy hamkorlik strategiyamizni tasdiqladik. Uchta asosiy masaladan biri yashil transformatsiyani rag‘batlantirish bo‘lib, Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi boshchiligida Markaziy Osiyoda iqlimga yo‘naltirilgan davlat siyosatiga asoslangan birinchi kreditni muvaffaqiyatli taqdim etdik”, — dedi OTB vitse-prezidenti.
Uchrashuvda OTBning “Green University”ga boʻlgan katta eʼtiborini inobatga olib, xorij tomoni universitetda OTB shafeligida maxsus oʻquv dasturi va malaka oshirish kursini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, uning negizida oʻzining iqlim laboratoriyasini yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif qilindi.