O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning arab-islom sammitidagi nutqi
2024-11-12 09:35:00 / Nutqlar
Bismillahir rahmonir rahim!
Hurmatli rais janoblari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Global siyosat kun tartibidagi eng o‘tkir va og‘riqli masala – Falastin muammosiga bag‘ishlangan bugungi muhim sammitimizni tashkil etganlari uchun Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud A’lo Hazratlariga hamda Valiahd va Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saud Hazrati Oliylariga alohida minnatdorlik bildiraman.
Ming afsuski, 2023-yili Ar-Riyod shahridagi tarixiy yig‘ilishdan keyin o‘tgan vaqt mobaynida ushbu adolatsiz va qonli urush ko‘lami yanada kengaydi.
Dunyo hamjamiyatining qat’iy harakat va chaqiriqlariga qaramasdan, xalqaro me’yorlar va rezolyutsiyalarning qo‘pol ravishda buzilishi davom etmoqda. Urush olovi endilikda Livan hududini ham qamrab olgani barchamizni qattiq larzaga solmoqda.
Hamkasblarim o‘z nutqlarida aytib o‘tganlaridek, ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda.
Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas.
Eng yomoni, hammamiz guvoh bo‘layotganimizdek, ushbu fojiaga nisbatan xalqaro maydonda ikki xil standartlar asosida yondashilmoqda. Bu esa urushning keng yoyilib ketish ehtimolini keskin oshirmoqda, xalqaro xavfsizlikka jiddiy raxna solmoqda.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
O‘zbekiston Falastin – Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Bu borada bugungi sammitimizda umumiy siyosiy iroda va birdamlikni namoyon etib, global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqib, hayotga tezroq joriy etilishiga ishonamiz.
Gap, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining mazkur ko‘p yillik nizoni hal etishdagi o‘rni va ta’sirini tubdan oshirish haqida bormoqda.
Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va eng asosiysi – tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari bu universal xalqaro tuzilmaning doimiy e’tibor markazida turishi maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchidan, 15-noyabr kuni jafokash Falastin xalqi o‘z milliy bayrami – Falastin Davlati e’lon qilingan kunni nishonlaydi.
Aminmanki, bu qadimiy va boy tarixga ega xalq 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqlidir. Bu borada biz Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyatini har tomonlama ma’qullaymiz.
Uchinchidan, Falastin va Livan hududidagi mislsiz gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida davlatlarimiz tomonidan hamda yetakchi xalqaro tashkilotlar doirasida yordam ko‘lamini kengaytirishimiz lozim.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining katta tajribaga ega bo‘lgan Maxsus agentligi va boshqa institutlari faoliyatiga zaruriy ko‘makni oshirish tarafdorimiz.
Shu o‘rinda biz urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyorligimizni bildiramiz.
Biz Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyatidamiz.
To‘rtinchidan, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga katta e’tibor qaratishimiz lozim.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Bugungi favqulodda uchrashuvimiz Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam bo‘ladi, deb umid qilaman.
Alloh taolodan jahonda tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik ne’matini ziyoda etishini va ummatimiz ahilligini yanada mustahkam qilishini so‘rab qolaman.