BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-10-04 12:00:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda UNCTAD Bosh kotibi offisi maxsus maslahatchisi Erika Martinez Lievano hamda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Jasur Karshibayev, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha maxsus vakili Aziz Urunov va boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) – Birlashgan Millatlar tashkiloti kotibiyati tarkibidagi hukumatlararo tashkilot bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarning jahon savdosida manfaatlarini himoya qiladi. Tashkilotning asosiy maqsadi rivojlanishning barcha jihatlari, xususan, savdo, yordam, transport, moliya va texnologiyalar bilan bog‘liq barqaror siyosatni shakllantirishdir.
Muloqot davomida tomonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, ochiqlik tamoyillariga asoslangan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xususan, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, shakllantirilayotgan normativ-huquqiy asoslar, soliq boshqaruvi va bojxona tizimini takomillashtirish, raqobat muhitini yaxshilash, davlat qarzi boshqaruvi va moliyaviy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida O‘zbekistonda faol iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni qisqartirish, bojxona sohasida zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda belgilangan maqsadlarda tizimli va samarali faoliyat olib borishga kelishib oldilar.