Xalqaro hamkorlik
2024-09-19 17:20:00 / Yangiliklar
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shu jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarida manfaatli aloqalarni rivojlantirib bormoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarida erishilgan natijalar huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, qurilish va kommunal sohalarda ham samarali aloqalar taraqqiy etib boryapti. Bu jihatlar Qurilish va uy joy kommunal xoʻjaligi vaziri boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida boʻlib oʻtgan keng qamrovli uchrashuvlarda ham yaqqol namoyon boʻldi.
Kuni kecha delegatsiya aʼzolari Moskva shahridagi aholi turar joy binolarini koʻzdan kechirdilar. Tanishuvlar jarayonida Rossiya qurilish industriyasida keng qoʻllanilayotgan energotejamkor texnologiyalar, qurilish bozoriga raqamli tizimlarni joriy etishni takomillashtirish, IT konsalting xizmatlari kabi ustuvor vazifalarga eʼtibor qaratildi.
Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi masʼullar “DOM.RF” jamiyati bosh direktori V.Mutko bilan uchrashib, qurilish va uni moliyalashtirish sohasida Rossiyaning ilgʻor tajribasi yuzasidan muhokama oʻtkazdilar. Unda hududlarni kompleks rivojlantirish standarti, shahar atrof-muhit sifatini oshirishning muhim yoʻnalishlari, lift mahsulotlarini eksport qilish hamda dispetcherlik xizmati, sohani IT texnologiyalar asosida rivojlantirish xususida fikr almashildi.
Muloqot soʻngпida tomonlar bir qator yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Ikki tomon oʻrtasidagi manfaatli uchrashuvlar bugun ham davom etdi. Rossiya qurilish bozorida yetakchi oʻringa ega “Domklik” kompaniyasi bilan oʻtkazilgan muzokaralarda qurilish bosqichlari, “noldan-tayyorgacha” tizimi asosida yoʻlga qoʻyilgan amaliy tajribaga oid taqdimotlar ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi. Xususan, qurilish va koʻchmas mulkni rasmiylashtirish, kreditlash va oldi-sotdi shartnomalariga doir toʻplangan tajriba xususida oʻzaro fikr almashildi.
Delegatsiya tarkibida Qurilish va uy joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mutasaddilari bilan bir qatorda boshqa manfaatdor vazirlik va tashkilotlar vakillari ham bor.