Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-07-04 08:55:00 / Yangiliklar
Uchrashuv oʻzaro hurmat va konstruktiv muloqot muhitida boʻlib oʻtdi va ikki davlat oʻrtasidagi ishonch va hamkorlikning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqladi.
Suhbat chogʻida tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi ikki taraflama hamkorlikni mustahkamlashga doir keng koʻlamli masalalarni muhokama qilib oʻtdilar. Vazir Oʻzbekiston va Qozogʻiston huquq-tartibot idoralarining oʻzaro hamkorligi strategik xususiyatga ega boʻlib, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashning garovi ekanini taʼkidladi.
Elchi Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasida tarixiy rishtalarga asoslangan anʼanaviy doʻstlik va qardoshlik munosabatlari saqlanib kelayotganini taʼkidlab, transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligi haqida fikrlarini bayon etdi.
Tomonlar qoʻshma loyiha va tashabbuslarni samarali amalga oshirish mamlakatlarimizda huquq-tartibot va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Vazir elchiga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga koʻrsatayotgan faol koʻmagi uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Qozogʻiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini taʼkidladi. Oʻz navbatida, elchi oʻzbekistonlik hamkasblarning yuqori darajadagi professionalligi va faoliyatlarining shaffofligi muvaffaqiyatli hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoit yaratayotganini qayd etdi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va Qozogʻiston respublikalari oʻrtasidagi oʻzaro hurmat va umumiy maqsadlarga – mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga asoslangan muvaffaqiyatli va samarali hamkorlikning yorqin namunasidir.