Yunusobod tumanida ko‘p qavatli uyning ostki qismidagi betonga shikast yetkazib o‘zboshimchalik bilan eshik ochgan mulkdorning harakatlariga chek qo‘yildi.
2025-04-12 11:00:00 / Yangiliklar
Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida poytaxtning Yunusobod tumani 4-daha hududida joylashgan ko‘p qavatli uy yerto‘lasida qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Monitoring davomida ma’lum bo‘lishicha, fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan yerto‘laning ikki nuqtasida beton to‘siqqa shikast yetkazilgan holda eshik ochilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan inspeksiya xodimlari tomonidan mulkdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi hamda binoning konstruktiv butunligiga zarar yetkazgan holatni bartaraf etish, ya’ni barcha o‘zgarishlarni dastlabki holatiga qaytarish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berildi.
Agar ushbu ko‘rsatmalar belgilangan muddatda bajarilmasa, tiklash ishlari majburiy tartibda amalga oshiriladi.








