Namanganda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlar roʻyxatga olindi
2024-09-23 12:10:00 / Yangiliklar
Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uni hududiy saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turgʻunov olib bordi.
Yigʻilishda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan nomzodlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Aytib oʻtish oʻrinliki, Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi 55 ta saylov okrugiga beshta siyosiy partiyaning har biridan bir nafardan, jami 275 nafar nomzod toʻgʻrisidagi arizalar “Ye-saylov” tizimi orqali komissiyaga yuborilgan va hududiy saylov komissiyasi nomzodlar hamda ular haqidagi maʼlumotlarni oʻrganib chiqdi.
Maʼlumotlar Saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq ekanligi aniqlandi.
Maʼlumki, Saylov kodeksining 37-moddasiga koʻra, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalar nomzod koʻrsatish huquqiga ega. Hududiy saylov komissiyasi nomzodlarni belgilangan tartibda roʻyxatga oladi va ular haqidagi maʼlumotlar rasmiy eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
Nomzodlarni roʻyxatga olish saylovga oʻttiz besh kun qolganida tugallanadi.
Yigʻilishda muhokamalardan soʻng partiyalar tomonidan koʻrsatilgan 275 nafar nomzodni Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzod sifatida roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Saylov kodeksining 40-moddasiga belgilanganidek, hududiy saylov komissiyasi besh kunlik muddatda nomzodlar roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi xabarni nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, partiyaga mansubligi, egallab turgan lavozimi (mashgʻulotining turi), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib koʻrsatgan siyosiy partiyani koʻrsatgan holda eʼlon qiladi.
📍Namangan viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi