Odam savdosi-global xavf.
2025-02-07 15:25:00 / Yangiliklar

Odam savdosi yoki inson savdosi bugungi kunda dunyo bo‘ylab xalqaro miqyosda eng jiddiy ijtimoiy va huquqiy muammolardan biridir. Bu noqonuniy faoliyat asosan odamlarni ekspluatatsiya qilish maqsadida ularni majburiy mehnat, jinsiy ekspluatatsiya yoki boshqa maqsadlarda sotish va ularga zo‘ravonlik ko‘rsatish bilan bog‘liq. Odam savdosining tarqalishi global miqyosda katta xavf tug‘diradi, chunki u nafaqat qurbonlar uchun, balki jamiyatlar, iqtisodiyot va xavfsizlik uchun ham jiddiy oqibatlarga olib keladi.
O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konvensiyasini to‘ldiruvchi “Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqida”gi Protokolni ratifikatsiya qildi, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida” Qonun qabul qilindi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli o‘zgartirishlar kiritdi.
O‘zbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson ekanligi, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlarini ta’minlash Konstitutsiya bilan kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan.
Xususan, qonunda odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi shaxs erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, 2020 yil 17 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunining maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
Mazkur Qonunda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari odam savdosiga qarshi kurashishga, shu jumladan odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, odam savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, profilaktika chora-tadbirlarini, axborotga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, odam savdosini o‘z vaqtida aniqlash va unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipini ta’minlash, odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ijtimoiy himoya qilish, odam savdosiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari, konferensiyalar, seminar-treninglar va davra suhbatlari o‘tkazishga doir faoliyatni, shuningdek ushbu sohadagi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari xodimlarini kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir faoliyatni rivojlantirish hamda rag‘batlantirish, odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikdan iborat ekanligi qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari hisoblanadi.
Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshirishi mumkin.
Qonunga muvofiq, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs vaqtinchalik boshpana, tibbiy, psixologik, huquqiy yordam va boshqa zarur yordam olish, tarjimon xizmatlaridan bepul foydalanish huquqiga ega.
Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muassasalar tashkil etiladi.
Odam savdosiga qarshi kurashish-bu nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi, balki butun jamiyatning mas’uliyatidir. Faqat birgalikda va tizimli ravishda ishlash orqali bu kabi jinoyatchilikka qarshi samarali kurash olib borish mumkin.
Odam savdosida gumon qilinayotgan shaxslarni topish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan odam savdosidan jabrlangan shaxsga “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat prosessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xavfsizlik choralari ta’minlanadi.
O.Ergashev
Jizzax viloyat sudining iqtisodiy
ishlar bo‘yicha sudyasi
