AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumani xususida
2024-12-12 14:15:00 / Matbuot anjumanlari
Matbuot anjumanida soʻngi yillarda, kon-metallurgiya sohasi respublikamiz iqtisodiyotining oʻsish darajasini taʼminlash, hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish orqali yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, aholiga zarur shart-sharoitlarni yaratish va farovonligini oshirishda asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlib xizmat qilayotgani, soʻnggi 5 yil davomida metallurgiya korxonalarini transformatsiya qilish tufayli sezilarli yutuqlarga erishildi, ishlab chiqarish hajmi 122,7 trln soʻmga yetgani taʻkidlandi.
Shuningdek, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligida tizimli boshqaruvni yanada jadallashtirish boʻyicha “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunni ishlab chiqishda Avstraliya, Kanada, Turkiya, Qozogʻiston kabi davlatlarning sohadagi tajribasi oʻrganildi, ham xorijiy investorlar uchun, ham davlat uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
2024-yilga moʻljallangan investitsiya dasturiga muvofiq, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi boʻyicha joriy yilda umumiy qiymati 27,3 mlrd dollar boʻlgan 60 ta loyiha doirasida 3,5 mlrd dollar investitsiyalar oʻzlashtiriladi, shundan geologiya sohasida 570 mln dollar investitsiyalar oʻzlashtirilib, reja 100 foizga bajarilishi taʼminlanadi.
Tadbirda tadbirkorlarga elektron auksion orqali taklif etilayotgan uchastkalar hamda yer maydonlari, sohada taʻlim, geologiya qidiruv ishlari, togʻ-kon sanoati va geologiya sohasidagi nazorat organlarining faoliyati, ilmiy loyihalar hamda boshqa masalalar muhokama qilindi.
Jurnalistlarni va tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga matbuot anjumani spikerlari, kon-geologiya vazirligi masʻullari tomonidan javoblar qaytarildi.