AQSh “Sherdor” madrasasida muhofaza qilish uchun 500.000 dollar ajratadi
2024-11-18 17:40:00 / Yangiliklar
AQSh Samarqanddagi “Sherdor” madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyihani qo‘llab-quvvatlash uchun 500.000 dollar miqdorida mablag‘ ajratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan taqdim etilgan loyiha dunyo bo‘ylab o‘tkazilgan saralash bosqichida tanlab olindi, bu tanlov tarixida O‘zbekiston uchun yirik summani tashkil etadi.
Madaniy meros agentligi Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS)ning texnik ko‘magida mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda Sherdor madrasasi fasadida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshiradi. Loyiha sifati hamda samaradorligini oshirish uchun xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi. Hamkorlar Agentlikni dunyoning yetakchi olimlari bilan muloqot o‘rnatish, madaniy merosni asrab-avaylashda zarur zaxiralarga ega bo‘lish hamda loyiha jarayonida erishiladigan ilmiy xulosalarni keng targ‘ib etishda ko‘maklashadi.
“Biz Registon maydonidagi go‘zal va ramziy Sherdor madrasasining konservatsiya ishlarida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Ushbu sa’y-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi”, – dedi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik.
“Sherdor” madrasasining konservatsiya-restavratsiya loyihasi AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi bilan birgalikda amalga oshirilishi O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanyotganiga yaqqol dadildir”, – dedi Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov.
Avvalroq AQSh ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli shahri yaqinidagi Xalifa Rajab (Erejep) maqbarasi qayta tiklangan edi.
2001-yilda ta’sis etilgan AQSh madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga tarixiy obidalar, madaniy obyektlar hamda an’anaviy madaniy ifoda shakllarini saqlab qolish uchun grant ajratadi. Mazkur jamg‘arma 2001-yildan buyon O‘zbekistonda tarixiy binolar restavratsiyasi, nodir qo‘lyozmalar va muzey kolleksiyalarini baholash va saqlash, arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish, an’anaviy yodgorliklarni hujjatlashtirish bo‘yicha 10 dan ziyod loyihani qo‘llab-quvvatlab, buning uchun 1 mln. 350 ming dollar ajratilgan.