Qo‘rg‘ontepa yodgorligidan buddaviylik ibodatxonasi qoldiqlari topildi
2024-07-23 14:15:00 / Yangiliklar
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ibodatxona to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, devorlarning saqlanib qolgan balandligi 3 metrni tashkil etadi. Xona to‘rida taxt mavjud bo‘lib, uning to‘rt tomonida ustun o‘rinlari joylashgan. Ibodatxonaga 5 ta eshik orqali kirish mumkin bo‘lgan.
Xona devorlari diniy mavzudagi suratlar bilan bezatilgan bo‘lib, saqlanib qolingan tasvirlar orasida yassi yuzli, quloq va qo‘llari esa zebu-ziynatlarga boy bo‘lgan ma’budaning tasviri tushirilgan. Uning boshida ilk o‘rta asrlar So‘g‘d san’atida ko‘p uchraydigan qanotli, ustki qubbasi yarim oy shaklda bo‘lgan toj tasviri aks etgan.
Arxeolog olimlar tomonidan xonada aniqlanayotgan devoriy surat parchalari orasida bunday toj va personaj tasvirlarining turli bo‘laklari topilmoqda. Ushbu ibodatxonaning devorlarida yuqorida qayd etilgan ma’buda tasviri xonaning barcha burchaklarida tasvirlangan.
Bundan tashqari ibodatxona devorlarida tokchalar ham mavjud bo‘lib, ulardan birining ichida loydan yasalgan haykalning qo‘l va oyoq qismlari topildi. Arxeologlarning qayd etishicha, ibodatxona VII-VIII asrlarda faoliyat yuritgan, ammo 712-yilda Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablarning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida yoqib yuborilgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda Qo‘rg‘ontepa arxeologik yodgorligida qazuv tadqiqotlari, devoriy suratlarni saqlash, ulardan nusxa ko‘chirish va yechib olish jarayonlari davom etmoqda. Kelgusida yodgorlikni yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda fanlararo usullarini qo‘llagan holda o‘rganish ishlarini olib borish rejalashtirilgan.