"Salomatlik oyligi" doirasida Qoraqalpog‘istonda ezgu tashabbuslar amalga oshirildi
2025-05-05 10:55:00 / Yangiliklar

"Salomatlik oyligi" doirasida Qoraqalpog‘istonda ezgu tashabbuslar amalga oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan "Salomatlik oyligi" doirasida mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan qator ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu harakatlardan biri Qoraqalpog‘istondagi tibbiyot instituti klinikasida ham o‘tkazildi.
Ushbu tadbir doirasida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Tug‘ma yurak nuqsonlari bo‘limi boshlig‘i, kardiojarroh Umid Murodov boshchiligidagi malakali shifokorlar jamoasi Institutga tashrif buyurib, yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarni ko‘zdan kechirdi. 40 ga yaqin bola chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ular orasidan yurak nuqsoni aniqlangan bolalar tanlab olindi va bepul jarrohlik amaliyotlari boshlab yuborildi.
Hozirgi vaqtda 10 nafar bolaga yurak nuqsonlarini davolash uchun amalga oshiriladigan operatsiyalarning reja-jadvali tuzilgan. Bunday xayr-saxovatga asoslangan yuksak insoniy tashabbuslar, hech shubhasiz, ko‘plab oilalarga umid va shifo bag‘ishlamoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu tadbir nafaqat tibbiy jihatdan, balki jamiyatda hamjihatlik va bag‘rikenglik fazilatlarini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
"Salomatlik oyligi" doirasidagi bunday amaliy ishlar ezgulik, mehr-oqibat va shifo ulashish yo‘lidagi muhim qadamlardir.





