MULKKA EGALIK HUQUQINI SUD TARTTIBIDA BERISH MASALALARI
2025-02-28 12:35:00 / Yangiliklar
MULKKA EGALIK HUQUQINI SUD TARTTIBIDA BERISH MASALALARI
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 187-moddasida egalik qilish huquqini vujudga kelitiruvchi muddat kelganida egalik huquqi berish belgilangan.
FKning 187-moddasi 1-qismida mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi deyilgan.
Mazkur moddaning 2-qismida ko‘chmas va boshqa mol-mulkka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan mulk huquqi ushbu mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi deyilgan.
Mazkur moddaning 3-qismi talabiga ko‘ra, egalik qilish huquqi mol-mulkning egalari bo‘lmaganida, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra egalik qilish huquqi vujudga keladi.
Sud amaliyotida aksariyat hollarda ko‘chmas mulklardan turar joyga egalik huquqi berish haqida ariza va da’vo arizalar bilan murojaat qilish hollari ko‘p uchraydi.
Agar egalik qilish muddatini vaj qilayotgan shaxs bilan boshqa shaxslar, xususan, turar joyida belgilangan muddatda yashamayotgan shaxsning qarindoshlari o‘rtasida nizo bo‘lmasa, ariza sudda alohida tartibda ko‘riladi.
Agar ariza sudda alohida tartibda ko‘rilayotgan vaqtida nizo borligi aniqlansa, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 122-moddasi 7-bandiga ko‘ra, alohida tartibda yuritiladigan ishni muhokama qilish vaqtida sudga taalluqli huquq to‘g‘risida nizo kelib chiqqanligi uchun ariza ko‘rmasdan qoldiriladi. Bu holda arizachiga da’vo yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi FKning 187-moddasi 5-bandiga ko‘ra, egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat tegishli talablar bo‘yicha da’vo muddati tamom bo‘lganldan keyin o‘ta boshlaydi. Bunda Fkning 150-moddasidagi uch yillik umumiy da’vo muddati nazarda tutilmoqda.
YA’ni, egalik olish muddatini vaj qilayotgan shaxs turar joy mulkdori yashamayotgan vaqtdan boshlab o‘n sakkiz yil o‘tgandan keyin sudga ariza yoki da’vo ariza berishga haqli.
FKning 187-moddasi 1-qismi talabiga ko‘ra, egalik qilish huquqini vaj keltiradigan shaxs turar joyda halol yashagan deganida boshqa shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joyda kommunal va boshqa soliq to‘lovlarini kamida o‘n sakiiz yil davomida to‘lab kelayotganligini nazarda tutiladi.
Shaxs belgilangan muddatda oshkora yashagan deyilganida uning boshqa shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joyda qo‘rqmasdan kamida o‘n sakkiz yil davomida yashab, turar joyni ozoda saqlab, uni ta’mirlab, shu turar joyda o‘ziga tegishli to‘y-marakalarni o‘tkazganligi nazarda tutiladi.
Shaxs uzluksiz yashagan deyilganida kamida o‘n sakkiz yil davomida faqat shu turar joyda doimiy yashab, orada boshqa turar joyda yashamaganligi nazarda tutiladi.
Ba’zi shaxslar turar egasidan turar joyni sotish huquqi bilan berilgan ishonchnomaga asosan olgan holatlar uchraydi. Bunda egalik huquqini vujudga keltiruvchi o‘n sakkiz yillik muddat FKning 187-moddasi 3-qismi talabiga ko‘ra mazkur ishonchnomada belgilangan muddat tugagan kundan boshlanadi.
Shuningdek, egalik qilish muddatini vaj qiluvchi shaxs turar joyni uning egasidan ijara shartnomasiga asosan olgan bo‘lganida ham egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat shartnoma muddati tugagach boshlanadi.
Amaliyotda ba’zi holatlarda fuqaro uy-joyini o‘zi yakka tartibda qurib, unga egalik qilish huquqini olish haqida sudga murojaat qiladi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joyga mudk huquqini berish sudga taalluqli emasdir. Shunga ko‘ra, bunday ariza qaytariladi yoki fuqarolik ishi qo‘zg‘atigan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 124-moddasi 1-qismi talabiga ko‘ra sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababi bilan ish yuritishdan tugatiladi.
Egalik qilish muddatini vaj qilib sudga murojaat qilayotgan shaxs shuni unutmasligi kerakki, u egalik qilish huquqini berishni so‘rayotgan turar joyning mulkdori bo‘lib, uning turar joyi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va mulkdor kamida o‘n sakkiz yil turar joyida yashamagan bo‘lganida egalik qilish huquqini sud tartibida olishi mumkin.
Erkin Umurzakov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha
Forish tuman sudining raisi
Luiza Xalitova
Jizzax viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati sudyasi
